“Uchinchi yo‘nalish – erkin va adolatli fuqarolik jamiyati rivojlanishi bilan bog‘liq masaladir.
Bizning xalqimiz uchun jamiyat, avvalo, mahalladan boshlanadi. Mahalla – asrlar davomida milliy urf-odatlarimiz va boy ma’naviyatimizni bezavol saqlab, xalqimiz uchun ezgulik va tarbiya beshigi, yaxshi qo‘shnichilik va hamjihatlik maskani bo‘lib kelmoqda.
Xabaringiz bor, fuqarolar yig‘inlarining jamiyatdagi mavqei va ta’sirini kuchaytirishga ko‘maklashish maqsadida Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligini tashkil etdik. Lekin gohida bu – mahallalarni boshqaradigan idora, degan noto‘g‘ri gap-so‘zlarni ham eshitib qolyapmiz.
Bunday qarashlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, mahallaning maqomini hamda davlat organlarining bu boradagi vazifalarini Asosiy qonunimizda aniq belgilab qo‘yishni taklif etaman.
Bunda mahallalarning davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmasligi, joylardagi mahalliy ahamiyatga molik masalalarni mustaqil hal etish bo‘yicha vakolatlari alohida belgilanishi zarur”.