Quvasoyda hokim va yoshlar uchrashuvi tashkil etildi
Bugun Quvasoy shahar hokimligida shahar hokimi, birinchi sektor rahbari Zafarjon Toʻraqulov ishtirokida yoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi.
Qariyb 180 nafarga yaqin oʻgʻil-qizlar jalb etilgan tadbir qiziqarli maʼlumotlarga va savol-javoblarga boy oʻtdi.
Shahar hokimi Zafarjon Toʻraqulov kun sayin taraqqiy etib va rivojlanib borayotgan dunyoda har sohada kuchli raqobat muhiti mavjudligini, yoshlar doimo oʻqib-oʻrganish, hunar egallash orqaligina oʻz oʻrinlarini topishi, yaxshi daromad va yaxshi hayotga ega chiqishlari mumkinligini taʼkidladi.
Shuningdek, Fargʻona shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi mutasaddilari hamda chet elda taʼlim olib, hozirda yurtimizda oʻz faoliyatini samarali yoʻlga qoʻygan yoshlar tomonidan xorijda, xususan, Germaniya, Yaponiya, Koreya kabi davlatlarda talab yuqori boʻlgan kasblar, taʼlim dasturlari toʻgʻrisida atroflicha toʻxtalib oʻtildi.
Chet elda ishlash va oʻqish istagida boʻlgan bitiruvchilarga koʻmak koʻrsatilishi maʼlum qilindi.
Yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarish maqsadida tashkil etilgan ochiq muloqot yakunida mahallalardagi yoshlar yetakchilari bilan hamkorlikdagi ishlarni kengaytirish va oʻgʻil-qizlar bilan ishlash jarayonlarini yangi bosqichga olib chiqishga kelishib olindi.