Prezident Shirin shahri energetika kollejidagi tajribaga to‘xtaldi. Kollejda Saudiya Arabistonining “ACWA power” kompaniyasi buyurtmasi asosida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Kompaniya 2,8 mln dollarga zamonaviy ustaxona, laboratoriya va yotoqxona barpo qilgan.
Hozirgi kunda kompaniya buyurtmasi asosida 140 nafar yoshlarni muqobil energiya stansiyasi texnigi, operatori va dispetcheri kabi kasblarga tayyorlash boshlangan.
Viloyat hokimlariga Oliy ta’lim vazirligi va tarmoq rahbarlari bilan birgalikda shu tajriba asosida har bir tuman, shahar kesimida:
- yirik ish beruvchilar va xorijiy korxonalar bilan muzokara olib borib, texnikumlarni yirik sanoat korxonalari va klasterlarga biriktirish;
- har bir viloyatda kamida 2 tadan texnikumda xalqaro ta’lim dasturlarini joriy etish topshirildi.
Ayrim texnikumlarga bir yilda 2 marta qabul tashkil etish amaliyotini boshlash vazifasi qo‘yildi.
Bandlik vazirligiga o‘tayotgan 70 ta muassasa negizida monomarkazlar, shundan 25 tasini joriy yil yakuniga qadar ishga tushirish shartligi qayd etildi.