Farg‘onada Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi va uning hududiy boshqarmasi, viloyat hokimligi hamkorligida mahallabay ishlash hamda hokim yordamchilari tomonidan amalga oshirilgan ishlar bilan tanishish maqsadida Respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida press-tur tashkil etildi.
Dastlab Farg‘ona shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi va Janubiy Koreya xalqaro hamkorlik agentligi – KOICA bilan sheriklikda tashkil etilgan kasb-hunarga o‘qitish markazi faoliyati ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, Marg‘ilon shahridagi “Navro‘z” mahalla fuqarolar yig‘inida 7 gektar maydonda tashkil etilgan “Yoshlar” kichik sanoat zonasi, atlas va adras to‘qish, gilamchilik kabi hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan Hunarmandlar markazi, Orolbo‘yi mahallasidagi kosibchilikka ixtisoslashgan amaliy o‘quv markazi, poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalari OAV vakillarida katta taassurot qoldirdi.
Press-tur qatnashchilari Toshloq tumanida "Egg Box Group" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ishlab chiqarilayotgan inkubatorlar, “Agro Impex Marketing” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilgan yirik trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihasi bilan ham tanishdilar. Ayniqsa, Quva tumani "Qoraqum" mahalla fuqarolar yig‘inidagi gulchilik klasteri faoliyatini rivojlantirish jarayonlari jurnalistlarda qiziqish uyg‘otdi.
Hokim yordamchilarining kambag‘allikni qisqartirish, ish o‘rinlarini ko‘paytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlari bilan tanishildi.Press-tur davomida Farg‘ona viloyatining 19 ta shahar va tumanlaridagi 1 ming 58 ta mahalla fuqarolar yig‘inlariga tayinlangan hokim yordamchilari tomonidan viloyatdagi 759,1 ming xonadon to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, ixtisoslashganligiga qarab mahallalarning drayverlari belgilab olingani qayd etildi. Aholini kasb-hunarga o‘qitish, subsidiya va imtiyozli kreditlar ajratish, auksionda yer maydonlari olishida ko‘maklashish orqali daromad manbalarini yaratish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda.Tadbir davomida OAV vakillariga ushbu yo‘nalishda erishilayotgan natijalar, belgilangan rejalar to‘g‘risida ma’lumot berildi.